Закладки SOG'INCH

Название:
SOG'INCH
Жанр:
Дата:
19-12-2013, 07:58
Автор:
Просмотры:
2521
 
SOG'INCH

     Bolakayning kasali yana xuruj qildi. Kechadan buyon bu hol ikkinchi marta takrorlanishi edi. Oldiniga haftada yoki o'n-o'n besh kunda takrorlanadigan bu holat keyingi paytda negadir tez-tez takrorlanayotgandi.

— Onasiga ichikdi bolam bechora, — derdi kampir uning siyrak sochli boshini mahkam siqib turarkan. —Ey, xudoyim-e, qariganimda shu balolar ham bormidi menga?! — deya nola qilib qo'yardi yana.

— Buvi, bugun ko'chaga chiqib o'ynasam maylimi? — dedi bolakay ertalab uyqidan uyg'ongach.

— Yo'q, yo'q, buni xayolingga ham keltirma, — dedi kampir astoydil hovliqib.

— Nega? Jo'ralarimning hammasi ko'chada o'ynashadi-ku.

— Ular..., kampir bo'g'zidagi gapni aytsammi-aytmasammi, degandek bir muddat jim bo'lib qoldi. — Ular sog'lom sen esa..., — dedi so'ng faqat o'zi eshitadigan qilib shivirlab. Shu hamono ko'zlariga yosh qalqdi. Ichida nomard kuyovi va boyib ketib uni kuydirish ilinjida o'zga yurtlarda tentirab yurgan qizini qarg'adi.

— Topgan pulingga shuginaning bitta barmog'ini yasay olarmiding nodon? — dedi yuragi toshib ketganidan ovoz chiqarib.

— Buvi kimni urishayapsiz? — dedi bolakay katta-katta qo'y ko'zlarini buvisiga qadab.

— Seni emas, arslonim, seni emas.

Kampir kuymalanib oshxonaga kirdida, u erdan kichkina kosada qaymoq olib chiqdi.

— Kel, bolam, choyingni ichib ol, — dedi so'ng uni so'riga chaqirib. Bola yuz-qo'lini yuvib kelgunicha o'rog'liq dasturxonni yozdida, qaymoqni o'rtaga qo'ydi.

— Kelaqol, — deya yana qistadi nabirasini. Bolakay istar-stamay so'riga chiqdi. Behafsala nonga qo'l cho'zib, qaymoqqa botirib eya boshladi. Kampir bugun uning shashti juda pastligidan xavotirga tushdi. Yana kasali xuruj qilmasaydi, dedi yuragi po'killab.

— Boshing og'rimayaptimi, arslonim?

Bolakay yo'q, degandek boshini sarak-sarak qildi.

— qaymoqni hammasini esam keyin ko'chaga chiqarasizmi? — dedi yalinchoq ohangda. Kampir chuqur uf, tortdi. Nabirasiga ich-ichidan rahmi keldi. Bolada, o'yindan boshqa narsani o'ylamaydi Shu dardga yo'liqqanidan buyon kampir uni bolalarga qo'shilib, ko'cha changitgani qo'ymaydi. Chunki qo'rqadi. Xudo ko'rsatmasin yo'ldami, cho'ldami yo ariq-pariq ichidami kasali xuruj qilib qolsa nima bo'ladi, kim yordam beradi unga? Doktor "hushyor bo'ling, kasali tutganda og'zi bilan erga to'nkarilib qolsa ham nafasi qaytib o'lib qolishi mumkin”, degandi. Ko'chaga chiqsa bir joyda o'tirarmidi. Jo'ralari bilan irg'ishlab kim biladi qaerlarga borib keladi bu shayton. Shu bois kampir kechayu kunduz nabirasini poylab izma-iz yuradi, holi qoldirmaydi.

Bugun ham bola ko'chaga chiqaman, deya xarxasha qila-qila axiyri o'zicha o'ynab qoldi. Oshxonadagi eski sandiq ichidan jildlari hilvirab ketgan kitob olib chiqdida, undan nimalardir yasashga tushdi. Ha, endi o'ynab qoldi, deya kampir yumishlariga andarmon bo'lib ketdi.

Bolakay kitob varaqlaridan avval samolyotcha yasadi. So'ng hovlida u yoqdan bu yoqqa yugurib "viz-viz” deya uni o'zicha uchirgan bo'ldi.

Samolyot, samolyot,

qanotingni pastlab o't.

qanotingga xat yozay,

Ayajonimga tashlab o't, — derdi u samolyotchalarni har vizillatib osmonga irg'itganda. Ha, bolakay onasini, dadasini ich-ichidan sog'inar, ularni qo'msardi. Nega dadasi bilan onasi boshqa-boshqa tomonlarga ketib qolganligini tushunmasada, ammo endi hech qachon birga yashamasliklarini his etar, o'ksir va bundan ruhan qiynalardi.

Samolyot, samolyot t...

qanotingni pastlab o'

Bola astoydil qog'ozchalarni osmonga uchirar, go'yo ular shaksiz onasiga etib boradigandek ortidan uzoq vaqt termulib qolardi. Nabirasiga qarab kampirning yuragi ezildi.

— Hah, itga ham qushga ham ona kerak ekanda, — dedi o'kinib. — Koshki shu nolalaringni onang eshitsa, tosh yuragi erisa. Loaqal qo'ni-qo'shniga telefon qilib, bolasining ahvolini so'rasachi, bu pul topib aql topmagan tentak qiz. Nabirasining ahvoli yomonligini aytarmidi balki..

Bolakay samolyot uchira-uchira zerikdi shekilli, endi kichik-kichik kemachalar yasab, hovlidagi ariqchadan jildirab oqayotgan suvga oqiza boshladi. Shunda kampir nima bo'lganini dastlab yaxshi anglolmay qoldi. Bola bir xir etdi-yu, keyin suvning qattiq shaloplagani eshitildi, xolos.

— Voy o'lmasam, — hovlida g'imirlab yurgan kampir qo'lidagi teshachani gul pushtasiga irg'itib shu tomonga yugurdi.

— Azimjon! — dedi bolani ariqcha ichidan sudrab chiqib yuziga shapatilarkan. — Ko'zingni och bolam! Meni qo'rqitma!

Ammo tishi zich bo'lib, og'zidan ko'pik sachrayotgan bolakay buvisining so'zlarini eshitmas, ko'zi olayib, jon talvasasida oyoq-qo'lini tipirchilatardi.

Kampir unga yordam berishga ojizligidan eru-ko'kka sig'may ketayotgandi.

— Buving o'lsin, bolam. Xudo shu dardni senga berguncha menga bersa bo'lmasmidi?!

Xirillay-xirillay bola axiyri tinchib qoldi. Peshonasini reza-reza ter qopladi. Zich bo'lib tugilgan kaftchalarini ikki yonga behol cho'zib yubordi. Barmoqlari orasida g'ijimlanib ketgan kemacha sirg'alib erga tushdi. U uxlab qolgandi. Kampir bezovta qilmay deya to u uyg'onguncha boshini tizzasiga olib, qoq erda o'tirdi. Bolakayni ko'tarib so'riga yotqizay desa keksa emasmi kuchi etmaydi. Uyg'otay desa ko'zi qiymaydi...

Bola ancha uxladi. Kampirning oyoqlari uvishib, beli taxtaday qotib qoldi. O'ng oyog'ini qimirlatib, uvishgan oyoqlarining chigilini biroz yozay degandi bola cho'chib uyg'ondi. Katta-katta mayus ko'zlarini hayrat bilan buvisiga tikdi.

— Uxla, uxlayver, — dedi kampir uning sochlarini silab.

— Menga nima bo'ldi buvi?

— Hech nima, biroz uxlab qolding xolos.

— Yana kasalim tutdimi?

Kampir indamadi. Bolakayning kasali har safar xuruj qilib, o'ziga kelganida u nima bo'lganini eslolmas, o'rnidan turib, telbadek yon-atrofga alang-jalang qilib qolardi...

Ertasi kuni kampir bolani yana doktorga olib bordi.

— Dorilarini vaqtida ichirayapsizmi? — dedi doktor uni obdon tekshirgach.

— Ha, soatma-soat, — dedi kampir.

— Unda bilmadim nega bunday bo'layaptiykin.

— Yana boshqa dori yozib bersangizchi, bolam.

— O'zi shusiz ham eng kuchli dorilarni ichayapti. Jigarining kattalashishi shuning hisobidan.

— Unda men nima qilay bolam? — kampir doktorga iltijoli termuldi.

— Ota-onasini chaqirtiring. Kattaroq shaharlarga olib borib davolatsin. Bola hali yosh, butunlay tuzalib ketishi ham mumkin.

Kampir doktornig huzuridan shalvirab chiqdi. "Ota-onasini chaqiring?” dedi xayolan doktorning gaplarini takrorlarb. qaysi birini chaqirsin bu betovfiqlarning. Ota uylanib, o'g'li borligini allaqachon unutgan bo'lsa, qizining esa qaerdaligi ham noma'lum. Na o'zi haqida xabar beradi va na bulardan xabar oladi.

— Buvi, charxpalakka uchiring, — dedi bolakay kampirning etagidan tortqilab istirohat bog'i yonidan o'tib ketishayotganda.

— Yo'q, bolam senga mumkin emas.

Birdan bolakayning ko'zlarida yosh g'iltilladi.

— Nega menga hamma narsa mukin emas? — dedi kaftchalarining orqasi bilan ko'sh yoshlarini artarkan o'ksinib. Kampir uni mahkam bag'riga bosdida nabirasining ko'ngli uchun noiloj bog' tomon yurdi. Umrida ilk bor charxpalakka uchishi edi kampirning. Oyog'i erdan butunlay uzilib, osmonda muallaq qolgandek his etdi o'zini. Boshi aylanib, ko'ngli ayniy boshladi. Ammo shunda ham nabirasini bir dam ko'zdan qochirmadi. qoqsuyak qo'llari bilan uning kaftidan mahkam ushlab olarkan ishqilib kasali xuruj qilib qolmasinda, deya xudoga tinmay nola qilardi...

Uyga qaytishayotganda bolakay shunday shod ediki, uning quvonchini ko'rib, kampirning ham yuziga beixtiyor tabassum yugurdi. U irg'ishlab osmonga sakrar, charxpalak haqida tinmay buvisiga allanimalarni gapirardi. "Bechora bolam shunga ham shuncha shodlanadi-ya” deb qo'ydi kampir ichida. O'sha kuni bolaning kasali xuruj qilmadi. Ertasi kuni ham. "Xursand bo'lsa tutmas ekanmi nima balo” deb qo'ydi kampir ichida hayron bo'lib. Agar shunday bo'lsa tez-tez istirohat bog'lariga olib borarmidi...

Kampir bir damgina hushyorlikni unutdi, bir damgina xolos. Bolakayning ko'chaga chiqib ketganini ko'zi ilg'amay qoldi. Bir payt qarasa nabirasi hovlida yo'q. Hovliqib ko'chaga chiqdi. Ammo u er ham xuddi suv sepgandek jim-jit edi. qaerga ketdiykin? Kampir telba-teskari qadai tashlab, ko'chaning boshiga qarab yurdi.

— Azimjonni ko'rmadingmi? — dedi yo'lida uchragan bir boladan.

— Daryoga bolalar bilan cho'milgani ketdi.

— Voy, sho'rim...

Kampir daryo tomon yurib emas, uchib bordi go'yo. Tepalikdan toshloq qirg'oqqa toyg'ona-toyg'ona tushib borarkan o'sha erda odamlarning kuymalanishib turganligini ko'rib, yuragi shuv etib ketdi. Nazarida Azimjonning kasali xuruj qilganu, ular tepasida turgandek edi.

— Azimjon, — dedi ovozi hirqirab. Shu payt to'da orasidan kimdir ajralib chiqib, kampir tomon yura boshladi. qo'lida kimnidir ko'tarib olgan. Yalang oyoqlarining salanglab turishidan yosh bolaga o'xshaydi.

— Azimjon, — kampir beixtiyor toshlaq erga cho'kkalab qoldi.

— Azimjon, — dedi yana arang shivirlab va ko'zlari to'rt bo'lib, yaqinlashib kelayotgan kimsaga tikildi. Kim bo'lsa ham ishqilib Azimjon bo'lmasinda, derdi xudoga yolvorib. Ammo uniqqan ko'k ko'ylak va qora kalta shimdagi oyoqlari xuddi jonsizdek salanglab kelayotgan bola xuddi uning Azimjoni edi.

— Daryoga cho'milayotganda kasali xuruj qilib qolibdi, — dedi bolani ko'tarib olgan kishi kampirning oldiga kelgach, boshini quyi egib.

— Xuruj qilibdi? — kampir unga telbadek ko'zlarini chaqchaytirdi. — Hozir yaxshimi? Uxlab qoldimi bolam? Uyga oboramizmi?

Boyagi odam indamay chuqur uf tortdi.

— Nega indamaysiz, nega uf tortasiz? Gapiringda bunday odamni yuragini yormay?! Jim turmang, bolam!

— U o'ldi, — bu so'z juda sekin aytilgan bo'lsada, ammo uning zalvori kampirning joni-jahonini chil-parchin qilib yuborgandek bo'ldi.

— O'ldi? Nega o'ladi? Azimjonim o'larkanmi? Hechamda! — kampir dast o'rnidan turib, jon-jahdi bilan bolaga yopisha boshladi.

— Azimjon! Azimjon, dedim! Ko'zingni och, bolam! Buvingni qo'rqitma! Charxpalakka uchamiz hali! Bog'larga olib boraman seni! Faqat ko'zingni och, qo'zichog'im!

Kampir telbadek bolakayni tortqilar, shamolda ojiz maysadek hilpirayotgan sarg'ish sochlaridan o'par, qo'lchalarini yuziga ishqalar, qizini, kuyovini va yana allakimlarni tinmay qarg'ardi. Bolakayning yupqa lablarida esa nimtabassum qotib qolgan, yarim ochiq ko'zlari ko'kdan nenidir izlayotgandek edi.

Samolyot, samoyot

qanotingni pastlab o't...

Kampirning nazarida nabirasining nigohlarida faqat shu iltijo qotib qolgandek edi...


Gulruh YORMATOVA

"Hordiq" gazetasining bo'lim muharriri

 

Plagiatorlar diqqatiga: Muallif - Gulruh Yormatovaning roziligisiz boshqa saytga ko'chirish qat'iyan taqiqlanadi!


 

кино. клип, мр3 , софт
 

 
SAYTIMIZNING HURMATLI FOYDALANUVCHILARI VA MEHMONLARI! SIZLAR UCHUN ENDI TELEGRAM DASTURIGA MO'LJALLANGAN SAYTIMIZNING MEDIA KANALI OCHILDI! SAYTIMIZDAGI BARCHA KLIP VA TARONALARNI USHBU KANALIMIZ ORQALI HAM YUKLAB OLISHINGIZ MUMKIN!
USHBU HAVOLAGA BOSING VA JOINNI BOSING

Вместо этого текста пропишите код вывода рекламы.
ИнформацияПосетители, находящиеся в группе Mehmon, не могут оставлять комментарии к данной публикации.

«    Декабрь 2016    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031 

Siz qaysi viloyatdansiz?