Закладки Ofat

Название:
Ofat
Жанр:
Дата:
3-11-2013, 01:08
Автор:
Просмотры:
3737
  

     Kech kuz oʻzining sargʻish etaklarini togʻ yon-bagʻirlaridan butkul yigʻib ulgurmay kun sayin qoʻli baland kelayotgan qish birdan quturib ketdi. Hali qilichining damini koʻrsatishga fursati yetsa-da, keksa togʻlarga vajohatini koʻrsatib qoʻymoqchidek shamol va boʻron aralash ularning viqorli boshlari uzra qor purkay boshladi. Bunday telba qishlarning koʻpini koʻrgan oqsoqol togʻlar esa uni pisand etmagandek magʻrur koʻkrak kergancha jim qarab turishardi. Suruvni qishloqqa endirishga ulgurmagan Bekmurod qishning juda erta qilich qayrab qolganidan goh jahllanar, goh oʻzini boqibegʻamlikda ayblab, chalma bilan oʻralgan usti ochiq qoʻrada qunishib oʻtirgan suruvidan tez-tez xabar olardi. Ana, kechagina yaylovda jingalak junlari yaltirab, dirkillab yurgan yangi tugʻilgan qoʻzichalar sovuqdan karaxt boʻlgan oyoqlarini yerga bosolmay, bagʻrini nam yerga qoʻygancha yotib olishdi. Bir kecha shunday yotsa ulardan ayrilishi aniq.
– Boymurod, – dedi u oʻtov oldida qoʻlini kuh-kuhlab gulxan yoqayotgan oʻgʻliga.
– Ha, – oʻgʻli namiqqan xas-xashakdan boʻralayotgan tutundan yoshlangan koʻzlarini ishqay-ishqay otasiga qaradi.
– Beri kel!

     Boymurod egnidagi paxtali choponining yengiga qoʻlini tiqib, qunishgancha otasining oldiga yugurib keldi.
– Nima deysiz?
– Toʻqlilarni oʻtovga olib kiramiz.

     «Hammasi sigʻmaydi-ku» degandek oʻgʻli otasiga hayron boqdi. Ammo otasi hozir uning nigohidan ma’no uqadigan ahvolda emasdi. Shu bois choponining barini qayirdi-da, toʻqlichalarni ikki qoʻllab quchoqlagancha oʻtovga olib kira boshladi.
– Qishloqqa ensak-chi, ota, – dedi oʻgʻli unga yordamlasharkan.
– Ulgurmaymiz, hademay yer yaxlaydi. Qoʻy nozik jonivor. Yiqilsa qaytib turmaydi.

     Boymurod oʻtovdagi bor toʻshanchilarni bir burchakka yigʻib tashlab, qoʻzichoqlar uchun kengroq joy hozirladi. Harqalay izgʻirindan pana boʻlgan toʻqlichalarga bir pasda jon kirib qoldi. Hayal oʻtmay dikirlashib, oʻynoqlashib oʻtovni boshlariga koʻtara boshlashdi.
– Ha, jonivorlar-a, – dedi Bekmurod oʻtovning bir burchagiga omonatgina yonboshlarkan, toʻqlichalarga qarab zavqlanib. Oʻtov ichi unchalik issiq boʻlmasa-da, har holda shamol va achchiq izgʻirindan ancha pana edi. Tashqarida esa hamon boʻron chiyillar, shamol oʻtovning kigiz eshigini kema yelkanidek shishirib, ichkariga itarardi.
– Ota, qoʻylar hurkib qoʻra devoriga sapchishayapti! – dedi tashqaridan hovliqib kirgan oʻgʻli. Bekmurod irgʻib oʻrnidan turdi.
– Nega sapchiydi? Olapar bormi? – dedi qoziqqa ilingan qamchisini shosha-pisha olarkan tashqariga otildi. Ammo tashqariga chiqishi hamono oʻtov oldida dumini qisib oʻtirgan olapar undan najot istagandek oyogʻiga suykaldi. Itining qoʻrqoqligidan Bekmurodning jahli chiqib ketdi.
– He, oʻl! – deya ayamay boshiga qamchi soldi. Olapar vangillagancha oʻtov orqasiga oʻtib ketdi. Uning qiligʻidan Bekmurodning battar hayrati oshdi.

     Nimadan qoʻrqdiykin bu? Nahotki, suruvga boʻri oralagan boʻlsa? Yoʻgʻ-e, hozir chilla davri emas. Bunday paytda boʻri qoʻraga dorimaydi. Ogʻzi bogʻliq boʻladi deyisharmidi-ey, ota-bobolari. Agar boʻri oralagan boʻlsa ham iti boʻrilarni pisand etmasdi-ku. Nima jin urdiykin uni? Oʻtgan yili katta arlon boʻrining kekirdagini uzib tashlagan olapari shumi? Bekmurod hayron boʻla-boʻla qoʻl chirogʻini suruvga qaratdi. Bir-birining ustiga chiqqudek boʻlib burchakka qisinib olgan qoʻylar qoʻrquvdanmi yoki sovuqdan dir-dir titragancha najot istab turishardi. Bekmurod qoʻra eshigini ochib ichkariga kirishi hamono suruv gurr etib, battar hurkib ketdi. Chiroq yorugʻida koʻzi mashina faralaridek yalt-yult qilayotgan qoʻylar oʻzlarini duch kelgan tomonga urishib, bagʻillay boshlashdi. Bekmurod ajablanib qoʻra eshigidan chiqdi. Va tashqaridagi xarsangga oʻtirib, bir oz ularni kuzatdi. Bu paytda boʻron sal sekinlashgan, maydalab shiddat bilan yogʻayotgan qor allaqachon yon-atrofni oqartirishga ulgurgandi.
– Olapar nega bunday qiladi? – dedi Bekmurod oʻgʻliga.
– Bilmasam, boʻrining daragini sezgan koʻrinadi.
– Boʻridan qoʻrqmasdi-ku.
– Besh-oʻnta boʻlsa-chi?
– Ogʻzingdan yel uchirsin-ey. Hali boʻrilar ochlikdan izgʻiydigan palla emas-ku.
– Ota, ertaga qishloqqa enamizmi?
– Tong otsin-chi, koʻrarmiz.

      Bekmurod koʻzlarini bir nuqtaga tikkancha uzoq jim qoldi. Bir oz tinchib qolgan suruv esa hurpaygan yungiga qoʻngan qorni silkiy-silkiy, suvdan shilta boʻlgan yerga choʻkkalab oldi. Sovuq suyak-suyagidan oʻtdi shekilli, Boymurod kirza etikli oyogʻini bir-biriga urib isinishga tushdi. Oxiri boʻlmadi:
– Ota, oʻtovga kiraversam boʻladimi? – dedi bir oz iymanib. Otasi bir soʻz demadi. Chunki u oʻgʻlining gapini eshitmagandi. Boymurod oʻtovga kirib ketaversammi ham dedi. Ammo hamon zabun holda oʻtirgan otasiga rahmi keldi.
– Zaxga oʻtirmang, ota, – dedi uning oldiga borib.
– A? Ha-ya, – otasi garangsib oʻrnidan turdi-da, qoʻraga yana bir qur nazar tashladi.
– Endi nima qilamiz? – dedi soʻng oʻziga-oʻzi gapirgandek. Shu payt juda olis-olislardan jondorning uligani eshitildi. Bekmurod birdan sergak tortdi.
– Boʻrimi? – dedi xavotirlanib. Oʻgʻlining ha, deyishga yuragi dov bermadi.
– Qishloqqa tezroq enish kerak, – dedi otasining savoliga javoban.

     Yarim kechagacha boʻralatib yoqqan qor tongga yaqin taqqa toʻxtadi. Osmonda bulutlar bir oz siyraklashdi-yu, soʻng qora matoga marjon taqqandek charaqlab son-sanoqsiz yulduzlar paydo boʻldi. Havo birdan ochilib ketganligi bois izgʻirinli shamol turdi. Yomgʻir va qor suviga boʻkkan yer oyna misol yaltirab yaxladi.
– Boymurod, tur oʻgʻlim. Xudo urdi bizni. Havo ochilib ketibdi. Suruv oʻpkasidan ayriladi chogʻi.

     Ota-bola oldinma-keyin qoʻra tomon yurishdi. Burnidan suv oqib, pishqirib qolgan qoʻylarning hoʻl yunglari sovuqdan taxtadek muzlab qolgandi. Bekmurod bora solib qoʻra eshigini ochib yubordi. Ammo suruv qimir etmadi. Boymurod chuh-chuhlab ularni qoʻradan chiqarishga urindi. Oqsay-oqsay qoʻradan chiqqan suruv xarsanglar panasida dikkayib turgan xas-xashaklarni erinchoqlik bilan chimdiy boshladi. Hayal oʻtmay osmonga zar kokilli quyosh chiqdi. Oppoq qor bilan qoplangan yaylovlar uzra tilla tangga sochilgandek boʻldi.
– Endi qishloqqa enamizmi? – dedi Boymurod otasiga umidvor termilib.
– Bir oz kun mayinlashsin. Tushga yaqin enarmiz.

      Boymurodning nazarida otasi yana boqibegʻamlik qilayotgandek edi. Uning xayolida hoziroq suruvni qishloqqa haydab tushishmasa yana nimadir roʻy beradi-yu, soʻng ular umrbod shu togʻlarda qolib ketishadi.

     Oradan biror soatlar oʻtgach yoʻlni tekshirib kelish uchun Bekmurod togʻdan pastga enib ketdi. Oq chopon kiygancha oʻshshayib turgan togʻlar va sukutga choʻmgan keng yaylovlar bilan birga Boymurodning yakka oʻzi qoldi. U katta xarsang ustiga chiqib bir oz suruvni kuzatgan boʻldi. Soʻng otasi ketgan tomonga dam-badam qarab qoʻya boshladi. Nihoyat pastdan otasining boshi koʻrindi. Qoʻlidagi tayogʻiga tayana-tayana tepalikka chiqib kelarkan, oʻzidan javob kutib turgan oʻgʻliga qarab «yoʻq» degandek bosh chayqadi. Boymurod otasining bosh tebratishiga ham qanoat qilmay sakrab oʻrnidan turdi-da, unga peshvoz chiqdi.
– Yer yaxmi, ota? – dedi yuragi poʻkillab.
– Hech surobi yoʻq. Bu turishda qishloqqa enolmaymiz.
– Suruv-chi? Suruvni sovuqqa oldirmaymizmi?
– Bilmadim, oʻgʻlim. Juda boshim qotdi. Nima qilishga hayronman.

     Kun peshindan ogʻar-ogʻmas yana izgʻirin turdi. Quyosh tigʻida bir oz erib, gʻovak boʻla boshlagan qor izgʻirin zoʻridan muzga aylandi. Suruv yana qoʻraga qamalishga mahkum etildi. Toʻqlichalar esa oʻtovga. Suruvni qoʻraga qamashgach, Bekmurod oʻtovdan ikkita dastkola olib chiqdi-da, birini oʻgʻliga tutqazdi.
– Oʻtin yigʻib kelib qoʻra atrofida olov yoqmasak suruvdan ayrilamiz.

     Ota-bola qurigan togʻolcha-yu, yovvoyi doʻlanalarning shox-shabbalarini dastkola bilan chopishib, ancha oʻtin yigʻishdi. Soʻng uni qoʻra atrofiga toʻplashib, olov yoqishdi. Namiqqan shox-shabbalar bir oz buruqsab turdi-yu, soʻng birdan charsillab yona boshladi. Bekmurod endi hoʻl oʻtinlarni ham olovga qaladi.
– Ota, yana oʻtin olib kelaylik, – dedi oʻgʻli. Bekmurod erindi. Olov tafti uning horgʻin vujudini nihoyatda elitgandi.
– Boʻp qolar, – dedi esnab. – Ana, qoʻy jonivorlarga ham jon kirib qoldi. Tili yoʻq-da, bechoralarning. Sovqotdim deyolmasa.

     Ota-bola bor oʻtinni olovga qalab oʻtovga kirishdi. Bir burchakka yigʻib tashlangan toʻshanchilarni toʻshab, kiyimlarini ham yechishmay, oʻringa choʻzilishdi. Hayal oʻtmay Boymurodning pishillagani eshitildi. Bekmurod oʻzicha hushyor yotmoqchi boʻldi. Charchoq zoʻridan koʻzlari yumilib ketay desa-da, oʻzini qattiqlikka olib, ancha payt uygʻoq yotdi. Oʻrnidan turib ikki marta suruvdan xabar olib keldi. Oxirgi xabar olganida qoʻylar bir oz bezovtadek tuyuldi unga. Olaparga qaradi. U ham dumini qisib, egasiga javdirab turardi.
– Nima boʻldi senga? – dedi Bekmurod uning boshini silab. – Qaridingmi yo?

     It ayanchli gʻingshib egasining qoʻllarini yaladi. Bekmurodning yuragi gʻashlandi. Paxtali choponiga mahkam oʻranib, tashqarida bir oz aylandi. Oʻcha boshlagan olovga chala yongan kundalarni itarib qoʻydi. «Osmonga bulut chiqsaydi» deya koʻkka umidvor termildi. Ammo yulduz toʻla osmonda bir parcha ham bulut koʻrinmas, achchiq izgʻirin kishining yuz-koʻzini chaqib olay derdi. Bekmurod qoʻloqchinli telpagiga qanchalik oʻranmasin, sovuqqa bardosh berolmadi. «Bir oz isinib kelay» deya oʻtovga yoʻl oldi. Koʻrpaga oʻranib yotgandi, tanasiga ancha iliqlik yugurdi. Soʻng kipriklari oʻz-oʻzidan qovusha boshladi. Bir payt keng yaylovda yurganmish. Atrofi qoʻy-qoʻziga toʻla. Oʻt-oʻlan tizzadan. Lekin negadir oʻgʻli koʻrinmasmish. «Boymurod, Boymurod» deya yon-atrofni qidirib, uni topolmabdi. Bir payt qarasa oʻgʻli baland choʻqqida xomush oʻtirganmish. Tush, deya chaqirgan ekan u asta-sekin choʻqqidan pastga tusha boshlabdi. Lekin shu payt hammayoq birdan muzga aylanibdi. Oʻgʻli esa muzga tayrilib ketib... «Oʻgʻlim!» Bekmurod oʻz ovozidan oʻzi choʻchib uygʻondi. Hovliqib yonboshiga qaradi. Oʻgʻli yoʻq. Tashqaridan esa qandaydir qoʻrqinchli shovqin eshitilardi. It uliyaptimi, qoʻy barayaptimi bilib boʻlmasdi. Bekmurod bir muddat nima qilarini bilmay kalovlanib qoldi. Soʻng shundoq oyoq tomonida turgan etigini kiya solib tashqariga otildi.
– Boymurod! – deya baqirdi oʻtovdan chiqar-chiqmas. Oʻgʻlidan biror sas-sado eshitilmadi. Qoʻrqib ketgan Bekmurod qoʻra tomon yugurdi. Ammo u yerda ayanchli manzaraga duch keldi. Qoʻra eshigi lang ochiq, bor-yoʻgʻi oʻn-oʻn beshtacha qoʻy qoʻra burchagida qunishib oʻtirar, yana shunchasi esa negadir oyoq ostida sulayib yotardi. «Sovuq uribdi» xayoliga shu oʻy urilishi hamono bora solib qoʻylarni ushlab koʻra boshladi. Ammo negadir qoʻliga shilimshiq narsa ilashdi. Hayron boʻlib, hidlab koʻrdi. Qon! Nahotki, boʻri dorigan boʻlsa?! Shosha-pisha yonidan qoʻl fonarini chiqarib, uni aftodahol choʻzilib yotgan qoʻylarga tutib koʻra boshladi. Birining kekirdagi uzilgan, boshqasining dumbasi gʻajilgan, yana birining shunchaki qorniga tish botirilgandi. Hech qaysi qoʻy toʻlaligicha yeyilmagan, goʻyoki ular ermakka boʻgʻizlangandek edi. Bekmurod boshini changallab qoldi. Jon berolmay oyoq silkitayotgan chalajon qoʻylarning boʻgʻziga pichoq tortishi kerakligi ham yodiga kelmadi. Shu zaylda qancha oʻtirdi, bilmaydi. Bir payt oʻgʻlining yoʻqligi miyasiga urildi-yu, sakrab oʻrnidan turib ketdi.
– Boymurod! – deya ikki qoʻlini ogʻziga karnay qilib chaqira boshladi. Lekin oʻgʻli xuddi suvga tushgan tosh kabi zim-gʻoyib boʻlgandi. It ham koʻrinmaydi. Suruvning esa yarmi yoʻq. Bekmurod qoʻliga zarang tayogʻini oldida oʻylab ham oʻtirmay togʻdan pastga ena boshladi. Aniq biladi: oʻgʻli omon qolgan suruvning yarmini olganu qishloqqa joʻnagan. Ikki kundan buyon ketaylik, deya hol-joniga qoʻymayotgandi. Yoʻlma-yoʻl ketarkan, shu xayollarining rost boʻlib chiqishini Xudodan oʻtinib bordi. Ammo...

* * *

     Oʻsha kuni Boymurod Olaparning nolali gʻingshishidan choʻchib uygʻondi. Qarasa otasi uxlab yotibdi. Bir xabar olay-chi, deya tashqariga yolgʻiz oʻzi chiqdi. Chiqdi-yu, dahshatdan qotib qolay dedi. Qoʻra eshigi lang ochiq. Boʻgʻizlangan chalajon qoʻylar jon achchigʻida tipirchilaydi. Hurkib ketgan suruvning yarmi esa duch kelgan tomonga qarab, tum-taraqay qochib ketayapti. Hozir oldini qaytarmasa, ulardan ham ayrilishi aniq. Shu atrofda boʻrilar izgʻib yurganligini ham oʻylab oʻtirmay suruvning ortidan yugurib ketdi.
– Olapar, Olapar, – deya itini chaqirgandi, u bir oz taysallab turdi-da, soʻng noiloj egasining ortidan ergashdi. Ammo hurkkan suruvni qaytarib bir joyga jamlashga na Boymurodning qurbi yetardi va na Olaparning. Boymurod suruv ortidan quva-quva jar labiga yaqinlashib qolganligini sezmay qoldi. Eng birinchi oldinda yugurib ketayotgan serka jarga quladi. Ortidan ikkita sovliq. Boymurod hozirgina yugurib ketayotgan qoʻylarning birdaniga gʻoyib boʻlib qolganligidan ajablanishi hamona oyogʻi muzli yerda toyib ketdi. Va pastga shiddat bilan shoʻngʻib ketarkan jon talvasasida muzli toshlarni changallay boshladi. Ammo yaxlab, qirralari ham sip-silliq boʻlib qolgan xarsang toshlar hayot uchun kurashayotgan bolaga najot qoʻllarini choʻzmadilar. Bola dahshat ichra pastga qaradi. Ogʻzini oʻradek ochgancha poyida ajal muntazir turardi. Oʻlim sharpasi juda yaqin, judayam yaqinginasida ekanligini his etdi u. Soʻnggi bor vahshiy togʻlarga qaradi. Goʻyo shunday boʻlishi kerakdek ular ham juda beparvo va sovuq edilar.
– Olapar, Olapar! Qutqaz meni! – deya qichqirdi umid bilan. It egasining chorlovidan kuch olib, shiddat-la pastga yugurdi. Ammo jarning chuqurligini koʻrib, birdan turgan joyida taqqa toʻxtadi. Yana oldinga talpinmoqchi boʻldi. Ammo yuragi dov bermadi. Asta xarsang ustiga choʻnqaydi-da, osmonga qaragancha nolali uliy boshladi. Bola esa soʻnggi umididan ham ayrilganligini his etdi. His etdi-yu, bor ovozda baqirib yubordi:
– Ota-a-a-a!

     Uning qichqirigʻiga togʻlar aks-sado berdilar:

«Ota-a-a-a! Ot-a-a-a! A-a-a!
 
Gulruh Yormatova, "Hordiq" gazetasining bo'lim muharriri

кино. клип, мр3 , софт
 

 
SAYTIMIZNING HURMATLI FOYDALANUVCHILARI VA MEHMONLARI! SIZLAR UCHUN ENDI TELEGRAM DASTURIGA MO'LJALLANGAN SAYTIMIZNING MEDIA KANALI OCHILDI! SAYTIMIZDAGI BARCHA KLIP VA TARONALARNI USHBU KANALIMIZ ORQALI HAM YUKLAB OLISHINGIZ MUMKIN!
USHBU HAVOLAGA BOSING VA JOINNI BOSING

Вместо этого текста пропишите код вывода рекламы.
fighter
gap yo'q   10
  • 6 ноября 2013 21:39
ИнформацияПосетители, находящиеся в группе Mehmon, не могут оставлять комментарии к данной публикации.

«    Декабрь 2016    »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031 

Siz qaysi viloyatdansiz?